
2023 yil 20 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasi hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari intstituti hamkorligida “O‘zbekiston va Singapur: o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Anjumanda senatorlar, deputatlar, shuningdek, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari hamda Institutning Ilmiy-ekspert kengashi va “Qonunchilik muammolari axborotnomasi” tahrir hay’ati a’zolari, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va mamlakatning boshqa yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – O’zbekiston va Singapur aloqalarining keyingi bosqichida milliy parlament oldida turgan vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash, bu borada ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, shu bilan bir qatorda, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan “Singapur parlamenti” to’plami taqdimotidan iborat ekanligi tadbir tashkilotchilari tomonidan ta’kidlab o’tildi.
Ochilish qismida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo’mitasi raisi Dilorom Fayziyeva 1997 yilda O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘zaro manfaatli siyosiy va iqtisodiy sheriklik yo’lga qo’yilgani, shu yil 17 yanvar kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi ahamiyati haqida so’z yuritdi.
Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo’mitasi raisi Ravshanbek Alimov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar barcha sohada o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Singapur hamkorligini rivojlantirish uchun qo’shimcha sharoit yaratayotgani xususida atroflicha to‘xtalib o’tdi.
Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini 14 ta hujjat, shu jumladan, 6 ta davlatlararo va hukumatlararo shartnoma, 6 ta idoralararo va boshqa hujjatlar tashkil etishi, joriy yil 17 yanvardagi davlat tashrifi davomida esa O‘zbekiston – Singapur hamkorligini yanada rivojlantirishga doir 8 ta hujjat imzolangani va ularning mazmun-mohiyati masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Davra suhbati davomida qator ekspertlarning ikki davlat hamkorlik aloqalarining istiqbollariga bag’ishlangan ma’ruzalari tinglandi.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qo’mitasi raisining o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev o’z ma’ruzasida O‘zbekiston – Singapur hamkorligi izchil mustahkamlanib, yanada kengayib borayotganini hamda to’qimachilik, kimyo, transport, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari va hozirgi dinamika siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, ta’lim va madaniy-gumanitar jabhalardagi aloqalarni chuqurlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini alohida ta’kidladi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi Nozim Xasanov davra suhbati ishtirokchilariga Singapur davlatining suv tejash sohasidagi tajribasi borasida batafsil ma’lumot berib, ushbu tajribani ikki mamlakat soha mutaxassislari hamkorligida yurtimizda qo‘llash bo’yicha o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Baxrom Sotiboldiyev ikki mamlakat xalqaro tashkilotlar doirasida ham faol hamkorlik qilayotganini, Singapur BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan qator rezolyusiyalarni qo’llab-quvvatlayotganini va o‘z navbatida, O‘zbekiston ham BMTning turli tuzilmalarida Singapur nomzodini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini, bu esa o‘zaro munosabatlarni izchil mustahkamlab borayotganini urg’uladi.
Ma’ruzalardan so‘ng Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan “Singapur parlamenti” to’plami taqdimoti o‘tkazildi.
Institut direktori Foziljon Otaxonov dunyo mamlakatlari parlamentlari haqidagi to‘plamlarni tayyorlash ishlari davom ettirilib, bu gal “Singapur parlamenti” to‘plami nashr etilgani va mazkur to‘plamda Singapur parlamenti, uning boshqaruv apparati, yettita doimiy qo‘mita, vaqtinchalik maxsus qo’mitalar, tadqiqot departamenti va boshqa tarkibiy bo’linmalari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga doir o‘rganishlar natijalari o’z ifodasini topgani haqida qatnashchilarga ma’lumot berdi.
So‘z olganlar ushbu to’plam davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ko’rsatib o‘tilgan parlament faoliyati tizimidagi islohotlarni davom ettirish vazifasi doirasida xorijiy mamlakatlar parlamentarizmi bo‘yicha tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish zarurati bilan bog‘liq sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishini, konstitusiyaviy demokratik tamoyillarni mustahkamlash va xalq manfaatlari yo‘lida parlamentarizm samaradorligini oshirish maqsadida parlament faoliyatini rivojlantirishning e’tiborga molik jihatlari asosida milliy tajribani boyitishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Yakunida, O‘zbekiston – Singapur parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish yo’lida o‘zaro fikr-mulohazalar almashildi, ilmiy-amaliy tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.