Тел: +998-91) 190-00-76
Email: info@mediator.uz
Ish vaqti: 09:00 - 18:00

O‘zbekiston va Singapur: o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari

O‘zbekiston va Singapur: o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari
  • 24-янв-2023, 10:22
  • nazarbek
  • 253
  • 0


Kuni kecha Oliy Majlis palatalari hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamkorligida “O‘zbekiston va Singapur: o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Anjumanda senatorlar, deputatlar, shuningdek, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari hamda Institutning Ilmiy-ekspert kengashi va “Qonunchilik muammolari axborotnomasi” tahririyati hay’ati a’zolari, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va mamlakatning boshqa yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston va Singapur aloqalarining keyingi bosqichida milliy parlament oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqildi, ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilandi, bu borada ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan “Singapur parlamenti” to‘plami taqdimoti o‘tkazildi.
Unda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barcha sohada o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Singapur hamkorligini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoit yaratayotgani xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. 

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini 14 ta hujjat, shu jumladan, 6 ta davlatlararo va hukumatlararo shartnoma, 6 ta idoralararo va boshqa hujjatlar tashkil etishi, joriy yil 17-yanvardagi davlat tashrifi davomida esa O‘zbekiston – Singapur hamkorligini yanada rivojlantirishga doir 8 ta hujjat imzolangani va ularning mazmun-mohiyati masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Davra suhbati davomida qator ekspertlarning ikki davlat hamkorlik aloqalarining istiqbollariga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi. Ma’ruzachilar O‘zbekiston – Singapur hamkorligi izchil mustahkamlanib, yanada kengayib borayotganini hamda to‘qimachilik, kimyo, transport, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari va hozirgi dinamika siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, ta’lim va madaniy-gumanitar jabhalardagi aloqalarni chuqurlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini alohida ta’kidladi.
Davra suhbati davomida “Singapur parlamenti” to‘plami taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur to‘plamda Singapur parlamenti, uning boshqaruv apparati, yettita doimiy qo‘mita, vaqtinchalik maxsus qo‘mitalar, tadqiqot departamenti va boshqa tarkibiy bo‘linmalari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga doir o‘rganishlar natijalari o‘z ifodasini topgan. 

So‘z olganlar ushbu to‘plam davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ko‘rsatib o‘tilgan parlament faoliyati tizimidagi islohotlarni davom ettirish vazifasi doirasida xorijiy mamlakatlar parlamentarizmi bo‘yicha tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish zarurati bilan bog‘liq sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishini, konstitutsiyaviy demokratik tamoyillarni mustahkamlash va xalq manfaatlari yo‘lida parlamentarizm samaradorligini oshirish maqsadida parlament faoliyatini rivojlantirishning e’tiborga molik jihatlari asosida milliy tajribani boyitishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbir so‘nggida O‘zbekiston – Singapur parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida o‘zaro fikr-mulohazalar almashildi, ilmiy-amaliy tavsiya va takliflar ishlab chiqildi. 

www.senat.uz


Boshqa yangiliklar


«    Апрель 2024    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930