Тел: +998-91) 190-00-76
Email: info@mediator.uz
Ish vaqti: 09:00 - 18:00

Senatda Ombudsmanning 2022-yildagi faoliyati muhokama qilindi

Senatda Ombudsmanning 2022-yildagi faoliyati muhokama qilindi
  • 07-апр-2023, 14:43
  • nazarbek
  • 151
  • 0


Senat yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) 2022-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan hisobot davrida 10 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan. 

Xususan, majlisda fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, qiynoqlarning oldini olish, inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida olib borilgan ishlari eshitildi.

Shuningdek, Ombudsmanning milliy komissiyalardagi faoliyati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, bolalar huquqlarini himoya qilish, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ayniqsa, Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya faoliyatidagi ishtiroki keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, Ombudsman faoliyatida ayrim kamchiliklar saqlanib qolganligi senatorlar tomonidan qayd etildi. 

Jumladan, 2022-yilning 2-yarim yilligida Yagona onlayn platforma orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha Ombudsman faoliyati nisbatan past baholangan. 

Ombudsman tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga kiritilgan ta’sir choralarining samaradorligi pasaygan. 

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari ayrim viloyatlarda tashkil etilmagan.  

Ombudsman tomonidan yetarlicha choralar ko‘rilmaganligi oqibatida 2022-yilda yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 387 nafar bola oilalarga va bolalar muassasalariga joylashtirilmaganligi, uy-joy berilishi rejalashtirilgan 25 nafar bola esa uy-joy bilan ta’minlanmaganligi senatorlar tomonidan haqli ravishda tanqid qilindi.

Majlisda Ombudsmanga eng ko‘p murojaat yo‘llangan hududlardagi muammolarni tahlil qilgan holda takroriy murojaatlarni kamaytirish, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan qonunda belgilangan ta’sir choralaridan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda monitoring tadbirlari natijadorligiga alohida e’tibor qaratish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Shu bilan birga, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning oilalarga va bolalar muassasalariga to‘liq joylashtirilishi ustidan nazorat o‘rnatish, oilalarga berilgan bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ularga yaratilgan shart-sharoitlarni doimiy ravishda monitoring qilib borish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi. 

www.senat.uz


Boshqa yangiliklar


«    Апрель 2024    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930