Тел: +998-91) 190-00-76
Email: info@mediator.uz
Иш вақти: 09:00 - 18:00

“Markaziy Osiyoda hakamlik arbitraji institutining rivojlanish istiqbollari”

“Markaziy Osiyoda hakamlik arbitraji institutining rivojlanish istiqbollari”


2017 yil 30 noyabrda Bishkek shahrida Qirg'iziston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudi faoliyatining 15 yilligiga bag'ishlangan “Markaziy Osiyoda hakamlik arbitraji institutining rivojlanish istiqbollari” mavzusida Xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi.
Konferensiyada Qirg'iziston Respublikasi Hukumati vitse-premeri Dair Kenekeev, Prezidenti devoni, Qirg'iziston Respublikasidagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi,  Yevropa Ittifoqining “Qirg'iziston Respublikasida huquq ustuvorligini mustahkamlashga ko'maklashish” loyihasi, “Markaziy Osiyo mamlakatlarida huquqiy davlatchilikka ko'maklashish” GIZ dasturi vakillari, Shvetsiya, Xitoy, Ukraina, Tojikiston, O'zbekiston  xalqaro tijorat arbitrajlarining rahbarlari va arbitrlari, tijorat arbitraji sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar, advokatlar va huquqshunos olimlar, shuningdek biznes va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. 


Xalqaro konferensiyada Stokgolm (Shvetsiya) Savdo palatasi Arbitraj instituti raisining o'rinbosari, huquq doktori - Patrisiya Shonessi, Chinjou (Xitoy) arbitraj komissiyasi Bosh kotibining o'rinbosari - Lu Jenbao, iste'fodagi sudya, mediatsiya bo'yicha trener (Germaniya) - Artur Trossen, xalqaro arbitr (Gretsiya, Chexiya va boshqalar) - Apostolos Antimos, Ukraina Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudi raisining o'rinbosari - Zaxarchenko Tatyana Gennadievna, Tojikiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudi raisining o'rinbosari Goibnazar Amirxodja, Qirg'iziston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudining raisi Maychiev Shamaral Yusupovichlarning xalqaro tijorat arbitrajini rivojlantirishga bag'ishlangan ma'ruzalari tinglandi.

Shuningdek konferensiyada O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining raisi Otaxonov Foziljon Xaydarovich “O'zbekiston-ning zamonaviy huquqiy tizimida hakamlik muhokamasini takomillash-tirishning dolzarb masalalari” mavzusida ma'ruza qildi.   

 

Konferensiyada ta'kidlanganidek, bozor munosabatlari rivojlanishi bilan hakamlik muhokamasi va xalqaro arbitraj instituti yildan yilga muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qig'izistonda mazkur institut faoliyati jahon hamjamiyati tomonidan xalqaro tijorat arbitraji sohasida qabul qilingan barcha hozirgi zamon andozalariga mos keladi.  
Hozirgi sharoitda hakamlik muhokamasi tadbirkorlar manfaatlarini  himoya qilishning zarur va samarali shakli hisoblanadi, tijorat nizolarini malakali hal qilish tizimi esa  tashqi iqtisodiy munosabatlar va xalqaro savdoni rvojlanishiga ko'maklashadi.

Hozirgi kunda Qirg'iziston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudi o'zining qisqa, ya'ni 15 yillik faoliyati davomida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi arbitraj markazlari qatorida juda samarali rivojlanib kelmoqda. Bunga mazkur institutning faol ishi, donorlar hamjamiyatining ko'magi va qo'llab-quvvatlashi, arbitrlarning yuqori malakasi va prinsipialligi tufayli erishildi.  
Ta'kidlash lozimki, Qirg'iziston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudida nizolar taraflarning istaklariga ko'ra Reglament yoki tezkor Reglament qoidalari  bo'yicha ko'rib chiqiladi. Hozirgi paytda yangi qo'llaniladigan qoidalar - kichik jyuri Reglamenti tayyorlanmoqda, uni tadbiq qilinishi biznes hamjamiyati uchun nizolarni yanada tezroq va samarali hal qilish imkoniyatini yaratadi.
2004 yildan buyon Qirg'iziston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudida umumiy summasi 80 mln. dollar bo'lgan 814 ta, shu jumladan 47 ta xorijiy kompaniyalar ishtirokidagi nizolar ko'rib chiqilgan. Qirg'iziston 1997 yilda  “Chet el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to'g'risida” 1958 yil 10 iyundagi Nyu-York Konvensiyasiga qo'shilganligi sababli jahonning 157 mamlakatida Qirg'iziston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudi hal qiluv qarorlarining ijrosi kafolatlanadi.
Qirg'iziston  Savdo-sanoat palatasi raisi Marat Sharshekeev o'z nutqida - “hakamlik sudining faoliyati - mamlakatda demokratiya mavjudligining yaqqol ko'rinishidir. Qirg'iziston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudining bosh maqsadi - xalqaro maydonga chiqishdir” - deb ta'kidladi.


O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining raisi Foziljon Otaxonov ham o'zaro xalqaro hamkorlik  haqida alohida to'xtaldi. Jumladan u - “yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda hakamlik sudlari (xalqaro arbitrajlar)ni birlashtiruvchi xalqaro assotsiatsiya tuzilishiga umid qilishini bildirdi”. Shuningdek F.Otaxonov birgalikda “Arbitraj va mediatsiya” jurnalini elektron tarzda chiqarishni taklif qildi, unda hakamlik muhokamasi, tijorat arbitraji, mediatsiyaga oid qiziqarli maqolalar, aniq misollarda nizolarni hal qilish amaliyoti, shuningdek maslahatlar va tushuntirishlar berib borilishi tajriba almashish uchun qulay  ekanligini ta'kidladi. Jurnalning  har yili beshta soni chiqarilishi va har bir soniga Markaziy Osiyodagi beshta davlatdan biri mas'ul bo'lishi maqsadga muvofiqligini qayd qildi.

Foziljon Otaxonovning yuqoridagi tashabbuslari konferensiyaning barcha ishtirokchilari tomonidan qo'llab-quvvatlandi.
Qirg'izistonda Xalqaro arbitraj sudini rivojlantirishga davlat ham alohida e'tibor bermoqda. Konferensiyada Qirg'iziston Hukumati vitse-premeri Dair Kenekeev - “mazkur rasmiy tadbir Qirg'izistonda arbitrajni rivojlantirishga o'zining ijobiy ta'sirini ko'rsatadi. Qirg'izistonda Xalqaro hakamlik sudi institutini rivojlantirish 2017-2040 yillarga mo'ljallangan rivojlanishning milliy davlat strategiyasiga faol kiritiladi, shuningdek “Toza qum” loyihasiga hamohang ishlaydi”- deb ta'kidladi.
Arbitraj sudining rivojlanishiga Yevropalik hamkorlar ham ko'mak berishiga ishonch bor. Bu haqda Qirg'iziston Respublikasidagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakili Nikola Skaramutsso gapirdi. Jumladan u - “Qirg'iziston xalqaro iqtisodiy jarayonda yanada faol ishtirok etayotgan holatda Xalqaro hakamlik sudi vujudga kelganligi va faoliyati hozirgi kunda juda dolzarb hisoblanadi va Yevropa Ittifoqi ushbu loyihaga katta ahamiyat bermoqda, shuningdek uning rivojlanishi uchun yuqori darajada harakat qiladi”- deb ta'kidladi.
Xalqaro konferensiya yakunida Qirg'iziston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudi bilan O'zbekiston, Ukraina, Tojikiston xalqaro arbitraj sudlari o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risidagi memorandumlar imzolandi.



«    Апрель 2024    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930