
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan shifokorlarning sharoitini yaxshilash korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilishi to‘g‘risidagi taklifga Sog‘liqni saqlash vazirining “Bemorga mehr bilan yondoshsangiz, rozi bo‘lib, o‘zi sizga berib ketadi” mazmunida bildirgan munosabati yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi quyidagilarni maʼlum qiladi.
Sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyani kamaytirish Sog‘liqni saqlash vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, keng jamoatchilikning, xususan, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘lib turibdi.
Shu boisdan joriy yilning 25-yanvar kuni masʼul tuzilmalar hamda Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi, OAV vakillari ishtirokida muloqot tashkil etilib, korrupsiyani bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar belgilab olindi.
Jamoatchilik kengashi Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatining korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha boshlagan ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, sharafli kasb egalari – shifokorlarni rag‘batlantirish yo‘llaridan biri sifatida bemorlar bergan mablag‘ning eʼtirof etilishini qonunchilikka va mamlakatda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid harakat sifatida qayd etadi.
Mazkur taklif tizimda korrupsiyaviy jinoyatlar sonining ortishiga hamda shifokor kasbi mavqeining pasayishiga, sog‘liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo‘ladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining qo‘shma bayonotida “Tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini oshirish, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, bunda, tibbiyot xodimlari malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi, murakkablik darajasi va sifatiga qarab mehnatga haq to‘lashning toifalangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish” belgilangan.
Jamoatchilik kengashi shifokorlarni rag‘batlantirishda bemorlardan pul olish singari (ixtiyoriy yoki ixtiyoriy emasligidan qatʼiy nazar) noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish hamda haq to‘lashning toifalangan mexanizmini joriy etish Sog‘liqni saqlash vazirligining asosiy maqsadi bo‘lishi lozimligini bildiradi.
Shuningdek, ushbu masala ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini maʼlum qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi
Jamoatchilik kengashi