ILMIY TADQIQOTINGIZ YANGI TADQIQOTLAR UCHUN MANBA BO‘LSIN!
Nizolarni hal etish madaniyati o‘zgarmoqda. Bugun nizoni faqat sudda hal qilish emas, balki uning oldini olish, taraflarni yarashtirish, o‘zaro maqbul yechimga erishish hamda huquqiy munosabatlarni saqlab qolishga xizmat qiluvchi samarali mexanizmlarni rivojlantirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mediatsiya, hakamlik sudlari, xalqaro tijorat arbitraji, muzokaralar, shuningdek sudgacha va sud jarayonida yarashtiruv institutlari — zamonaviy huquqshunoslikning jadal rivojlanayotgan va katta ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlaridir.
Shu munosabat bilan mediator.uz saytida nizolarni muqobil hal etish usullari va yarashtiruv institutlariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlarni jamlash va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan yangi ilmiy-ma’rifiy loyiha boshlanmoqda.
Loyiha doirasida ochiq manbalarda e’lon qilingan yuridik fanlar bo‘yicha:
Ødoktorlik (DSc) dissertatsiyalari va ularning avtoreferatlari;
Øfalsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari va ularning avtoreferatlari;
Øyuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olish uchun himoya qilingan dissertatsiyalar avtoreferatlarimaxsus ilmiy elektron to‘plam sifatida bosqichma-bosqich joylashtirib boriladi.
Maqsadimiz oddiy elektron arxiv yaratish emas.
Biz O‘zbekistonda va xorijiy davlatlarda nizolarni muqobil hal etish sohasida shakllangan ilmiy tafakkur maktabini bir maydonda jamlash, ilgari himoya qilingan ilmiy g‘oyalarni yangi avlod tadqiqotchilariga yetkazish, nazariya bilan amaliyot o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish va yangi ilmiy izlanishlarga turtki berishni maqsad qilganmiz.
HURMATLI HUQUQSHUNOS OLIMLAR!
Agar Siz mediatsiya, hakamlik muhokamasi, xalqaro tijorat arbitraji, muzokaralar, sudgacha yarashtirish, sud jarayonida kelishuvga erishish yoki nizolarni muqobil hal etishning boshqa mexanizmlari bo‘yicha dissertatsiya himoya qilgan bo‘lsangiz, Sizni ushbu ilmiy tashabbusda ishtirok etishga taklif qilamiz.
Dissertatsiyangiz yoki avtoreferatingizni mediator.uz ilmiy elektron fondiga taqdim eting.
Chunki dissertatsiya himoya qilinishi bilan ilmiy g‘oyaning hayoti tugamaydi. Aksincha, haqiqiy ilmiy g‘oya keyingi tadqiqotchi uni o‘qiganda, unga munosabat bildirganda, uni rivojlantirganda yoki yangi ilmiy munozara boshlaganda yashashda davom etadi.
Bugun Sizning tadqiqotingiz yosh olim uchun yangi dissertatsiya mavzusiga, amaliyotchi uchun murakkab nizoni hal etish yechimiga, qonun ijodkori uchun yangi huquqiy mexanizm g‘oyasiga aylanishi mumkin.
Ilmiy merosingizni ilmiy muomalaga qaytaring.
Tadqiqotingizni yangi avlod tadqiqotchilari bilan bo‘lishing.
Birgalikda nizolarni hal etishning yangi huquqiy madaniyatini shakllantiraylik!
mediator.uz — ilmiy g‘oyalar, tajriba va yarashtiruv madaniyati uchrashadigan maydon.
Dissertatsiya va avtoreferatlarni haydarxon@mail.ru elektron manzilimizga yuborishingiz mumkin.
Мавзуга оид бошқа хабарлар